Mirziyoyev Yaponiya gigant-kompaniyalarini Oʻzbekistonga taklif etdi
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokio shahrida Yaponiya ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Unda JETRO, JICA, JABIC, NEDO, JOGMEC, Mitsubishi, Itochu, Sumitomo, Marubeni, Isuzu kabi korporatsiya va kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida 16 dekabr kuni Tokioda boʻlib oʻtgan Yaponiya – Oʻzbekiston biznes forumi natijalari haqida axborot berildi.
Prezident Yaponiya kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalarini Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga taklif etdi.
“Yaponiya – bizning strategik sherigimiz. Oʻzbekistonda iqtisodiyot tarmoqlari va infratuzilmani modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlikda koʻp ishlar qilindi. Biz bu aloqalar tarixida yangi sahifa ochish niyatida keldik. Savdo, energetika, geologiya, kimyo, transport, turizm, meva-sabzavotlarni qayta ishlash va xizmat koʻrsatish tarmoqlarida imkoniyatlar, yangi loyihalar koʻp,” – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yaponiyalik tadbirkorlar Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarni yuqori baholadi. Valyuta tizimining liberallashtirilishi, viza olish tartibining soddalashtirilishi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini taʼkidladi. Ular Oʻzbekiston prezidentining rasmiy tashrifi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishiga ishonch bildirdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat kompaniyalari va moliyaviy tashkilotlari oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari, qoʻshma dastur va loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro tovar yetkazish va xizmat koʻrsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Комментарии (0)