Biz saylovlarga tayyormiz: MSK raisi Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi

Biz saylovlarga tayyormiz: MSK raisi Oʻzbekiston xalqiga murojaat qildi
Abdusalomovning taʼkidiga koʻra, Oʻzbekistondagi va xorijdagi 10 ming 260ta saylov uchastkalari ovoz berish uchun tayyorlab qoʻyilgan

 Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo Ulugʻbek Abdusalomov xalqga murojaat qildi.

Abdusalomov ertaga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlar kuni ekanligini eslatib, saylov mamlakatning demokratik taraqqiyotini belgilashda, ijtmoiy-iqtisodiy rivojlanishida, xalq farovonligini yuksaltirishda  va davlatning xalqaro nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi.

MSK rahbari saylovlar nega "Yangi Oʻzbekiston",  "Yangi saylovlar" shiori ostida oʻtayotganini tushuntirdi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi yillarda mamlakat ichki va tashqi siyosatida amalga oshirilayotgan tub islohotlar natijasida Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qoʻydi. Iqtisodiyot rivojlanib, odamlarning huquqiy-siyosiy ongi, faolligi yuksalib bormoqda. Davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ochiqlik va oshkoralik tobora mustahkamlanmoqda.

Bu yilgi saylovlarga tayyorgarlik ishlari bundan ikki yil avval boshlangan edi. Saylov qonunchiligi tubdan yangilanib, milliy tajribamiz va xalqaro standartlarga mos Saylov kodeksi qabul qilindi.

Kodeksda saylov jarayoni ishtirokchilari, yaʼni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish tizimi yoʻlga qoʻyildi.  

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida oʻtkazilmoqda. Saylovlarni oʻnta nufuzli xalqaro tashkilotlar, dunyoning ellikka yaqin davlatlaridan 825 nafar xalqaro kuzatuvchilar hamda 1155 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib borayotgani buning dalilidir.

Bundan tashqari, saylovlarda ishtirok etayotgan beshta siyosiy partiya va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan 70 mingdan ziyod vakil saylovlarni kuzatib bormoqda. 

"Saylov oʻzining, farzandlarining ertasini oʻylagan millat, xalq hamda Vatanini sevgan har bir inson uchun ulkan imkoniyatdir. Saylovlar orqali mamlakatimiz parlamenti, mahalliy kengashlar yangilanadi. Siz saylagan vakillik organlari tomonidan davlat boshqaruvi organlari tizimi shakllantiriladi", - dedi Abdusalomov.

Oʻzbekiston fuqarolarining saylovlarda faol ishtirok etishi Oʻzbekiston prezidenti rahbarligida amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar samardorligi, yurt tinchligi va obodligi, ertangi kun farovonligiga bevosita bogʻliqdir, deb hisoblaydi MSK rahbari.  

"Qadrli saylovchilar! Mamlakatimizdagi va xorijdagi 10 ming 260ta saylov uchastkalari Sizning ovoz berishingiz uchun tayyorlab qoʻyildi. Ertaga har birimiz Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, munosib nomzodlarga ovoz bersak, bilimli, fidoyi, zamonaviy fikrlaydigan, dunyoqarashi keng  deputatlar saylanadi. Bu xalqimiz va Vatanimiz manfaatlariga xizmat qiladigan adolatli qonunlar va qarorlar qabul qilishni kafolatlaydi. Men Siz, azizlarni - barcha yurtdoshlarimizni saylovlarda faol ishtirok etishga daʼvat etaman!", - deb taʼkidlandi telemurojaatda.

Комментарии (0)

Оставить комментарий