Putin MDH davlati yetakchilariga Ikkinchi jahon urushidan oldingi davr sirini ochdi
Rossiya yetakchisi materiallarni taqdim etar ekan, maxfiy hujjatlar rasshifrovkasidan foydalandi va Molotov-Ribbentrop pakti fashist Germaniyasi va Yevropa davlatlarining biri tomonidan imzolangan yagona hujjat boʻlmaganiga eʼtibor qaratdi.
Rossii prezidenti Vladimir Putin MDH ishtirokchi davlatlari yigʻilishida oʻz hamkasblariga bir qancha hujjatlarni taqdim etdi. Ularda turli davlatlarning Ikkinchi jahon urushidan oldin Germaniya bilan kelishuvlari aks etgan, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Rossiya yetakchisi materiallarni taqdim etar ekan, xususan, maxfiy hujjatlar rasshifrovkasidan foydalandi va Molotov-Ribbentrop pakti fashist Germaniyasi va Yevropa davlatlaridan biri tomonidan imzolangan yagona hujjat boʻlmaganiga eʼtibor qaratdi. Unga qadar, yaʼni 1934 yilda, Varshava va Berlin oʻrtasida kuch ishlatmaslik toʻgʻrisida deklaratsiya imzolangan.
Shundan soʻng, Putin, 1935 yildagi ingliz-german bitimini yodga oldi. "Buyuk Britaniya Gitlerga oʻz harbiy flotiga egalik qilish imkoniyatini taqdim etdi, garchi mazmunan, Birinchi jahon urushi natijalariga koʻra, Germaniya uchun bu taʼqiqlangandi yoki juda kam miqdordagi flotga egalik qilishga ruxsat berilgandi. Soʻngra, 1938 yilning 30 sentyabrida Chemberlen va Gitler oʻrtasida imzolangan ingliz-german deklaratsiyasi (1937-1940 yillarda Buyuk Britaniya bosh vaziri boʻlgan Nevillning – tah.) Chemberlen tashabbusi bilan ular tomonidan tasdiqlangan", – deya aniqlik kiritdi davlat rahbari.
Shundan soʻng, Germaniya bilan hujum qilmaslik toʻgʻrisidagi bitimni Frantsiya (1938 yil dekabri), Litva (1939 yil mart) va Latviya (1939 yil iyul) imzoladi.
"Shu tariqa, SSSR va Germaniya oʻrtasidagi kelishuv Yevropada tinchlikni saqlashga qaratilgan boshqa Yevropa davlatlari bilan imzolangan shartnomalar qatorida eng oxirgilaridan biri edi. Shu bilan birga, qayd etmoqchiman-ki, SSSR bu hujjatni barcha imkoniyatlar yoʻqqa chiqgach, SSSRning ...Yevropada yagona xavfsizlik tizimini yaratish boʻyicha bergan barcha takliflari rad etilgach imzolagan", - deb taʼkidladi Vladimir Putin.
Shundan soʻng prezident baʼzi bir arxiv hujjatlaridan parchalarni keltirib oʻtdi. U, xususan, Frantsiya bosh vaziri (1938-1940 yy. – tahr.) Eduar Daladyedan iqtibos keltirdi: "Polsha koʻmagiga ishonmaslik u yoqda tursin, hatto, Polsha orqadan zarba bermasligiga ham kafolat yoʻq".
Putin taʼkidiga koʻra, Daladye Polsha elchisiga qator savollarni bergan. "U elchidan polyaklar sovet qoʻshinlarini oʻtkazib yuboradimi, deb soʻragan. (Yuzef) Lukasevich salbiy javob bergan. Daladye undan sovet aeroplanlarini oʻtkazasizlarmi, deb soʻragan. Lukasevich polyaklar ularga qarata oʻt ochishlarini aytgan. Agar... Germaniya Frantsiyaga urush eʼlon qilsa... Polsha yordamga keladimi, deya berilgan savolga Lukasevichdan salbiy javob yangragach... Daladye farang-polsha ittifoqidan maʼno koʻrmayotganini maʼlum qilgan", - dedi prezident.
Rossiya yetakchisi, ushbu holat "SSSR Germaniya tomonidan oʻmarilmoqchi boʻlgan Chexoslovakiyaga yordam koʻrsatishga tayyor boʻlganiga ishora qiladi", deya qoʻshimcha qilgan. Lekin Sovet Ittifoqi va Chexoslovakiyaning majburiyatlari shunga borib taqaldi-ki, Praga oldidagi ittifoqdoshlik majburiyatining bir qismini birinchi boʻlib Parij bajaradi.
Oʻz navbatida, Frantsiya hukumati oʻz koʻmagini bu kabi hamkorlikdan tamomila voz kechgan Polshaning qoʻllab-quvvatlovi bilan bogʻlaydi.
Putin, shuningdek, rasmiy Varshavaning Chexoslovakiyani boʻlib olish boʻyicha Myunxen til biriktiruvi oldidan qoʻygan harakatlari boʻyicha maʼlumotlarni taqdim etdi. "Ular xuddi Germaniya oʻz oʻljasiga chang solgani singari bir vaqtning oʻzida (Chexoslovakiya yerlarining bir qismiga - tahr.) talabgir boʻlgan", – dedi Rossiya davlati rahbari va Polsha hukumati hatto Teshin viloyati anneksiyasi uchun qoʻshinlarni tayyor holatga keltirgani haqida gapirdi. "Ular diversiya va teraktlar sodir etish uchun jangarilarni yuborishgan, Chexoslovakiyani boʻlib olish va okkupatsiya qilish uchun faol tayyorgarlik koʻrganlar".
Shu bilan birga na London va na Parij oʻsha vaqtda Pragani qoʻllab-quvvatlamagan, uni "bu zoʻravonlikka tan berishga" majbur etgan, deb xulosa qildi RF prezidenti.
"Germaniya talablarini turli usulda bajargan, unga yon bosishga harakat qilgan Frantsiya va Angliya Chexiya davlatini qutqarishni istagan edi. Ammo buning oʻrniga ular Chexoslovakiya boʻlinishiga erishmoqchi boʻlgan uchta davlatdan iborat yagona frontga yuzma-yuz boʻladilar. Maqsadi Chexoslovakiyani Yevropa xaritasidan yoʻq qilish ekanligini hech kimdan hatto yashirmagan Reyx rahbarlari Polsha va Vengriya demarshidan shu zahotiyoq foydalanishadi", – dedi Putin.
U shuningdek, ikki urush oʻrtasi davridagi jahonning eng obroʻli siyosatchilarining aksariyati 1938 yil Gitler, Buyuk Britaniya va Frantsiya oʻrtasida imzolangan va tarix ilmini oʻrganuvchilar orasida Myunxen til biriktiruvi, deb nom olgan bitimni, umuman olganda pozitiv baholaganlar. Faqatgina Uinston Cherchill vaziyatni toʻgʻri baholagan va hammasini boricha gapirgan, dedi Putin.
Rossiya yetakchisi tashqi ishlar xalq komissari Maksim Litvinovning 1938 yil Millatlar Ligasida soʻzlagan nutqidan iqtibos keltirdi. "Bugun urushni chetlab oʻtish va ertaga yanada keng koʻlamli urushga yuzma-yuz boʻlish, va bularning barchasi yeb-toʻymas agressor va suveren davlatlarning yoʻq qilinishi hisobiga amalga oshsa, demak, bu Millatlar Ligasi pakti ruhida harakat qilmaslikdir. Yaʼni Sovet Ittifoqi bu hodisani qoralagan", - deb taʼkidladi RF prezidenti.
Har yili oʻtkaziladigan anʼanaviy matbuot-anjumani oldidan Rossiya prezidenti Ikkinchi jahon urushi haqida tarixiy haqiqatning buzib koʻrsatilishi mavzusini koʻtargan edi. Putin soʻzlariga koʻra, sovet qoʻshinlari Polshaga "Polsha hukumati oʻz qurolli kuchlari hamda mamlakatda roʻy berayotgan voqealar ustidan nazoratni yoʻqotganidan soʻnggina kirib borganligini qayd etgandi".
Ilgariroq Sputnik Oʻzbekiston Vladimir Putin matbuot-anjumanida yangragan eng yorqin fikrlar haqida material eʼlon qilgandi.
Комментарии (0)