Sodiq Safoyev Oʻzbekistonda muxolifat partiyalar ildiz otayotganiga ishora qildi
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevga koʻra, partiyalarni roʻyxatga olish jarayonini yengillashtirish masalasini koʻrib chiqish darkor.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevga koʻra, sunʼiy tashkil etilgan muxolifat partiyasi hech qanday ish bermaydi. U bu haqda bugun Xalqaro Press Klubning "Yangi Oʻzbekiston-yangi saylovlar" mavzusiga bagʻishlangan sessiyasida aytib oʻtdi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyevga Oʻzbekistonda muxolifat partiyalar yoʻqligi, ularda jasorat yetishmayotganligi havotirlanishga sabab boʻlmaydimi, degan savol berildi.
"Bilasizmi, meni bu havotirga solmayapti. Agar hozirgi zamonda qandaydir sunʼiy muxolifat partiyasi paydo boʻlganida, bu meni havotirga solishi mumkin edi. Sababi, bu jarayonning sunʼiyligini koʻrsatadi. Sunʼiy tashkil etilgan, "yuqoridan" olib kirilgan muxolifat partiyasi hech qachon ish bermagan va bermaydi ham. Ishonchim komilki, muxolifat bu jamiyatning ichki palagidan tabiiy ravishda oʻsib chiqishi, xalqning orzu umidlarini ifodalashi kerak. Hukumat oʻzi shu muxolifat partiyalarni taʼsis etish kerak, degan takliflar berilyapti. Bu gʻayritabiiy hol", - dedi Safoyev.
Uning soʻzlariga koʻra, hukumat, parlament birinchi navbatda bugungi qonun doirasida ish olib borishi kerak.
"Oʻzbeklarda "Boriga bozor"degan yaxshi gap bor. Mana bugungi kunda koʻrib turibsiz, partiyalarimiz mana shu jarayonlarda debatlar, qarama-qarshi keskin muzokaralar olib borilyapti. Bu muxolifatning asta-sekin ildiz otayotganligini koʻrsatadi", - deb qayd etdi senator.
Safoyevning fikricha, muhimi Oʻzbekistonda qonunlar, institutsional jarayon shunday boʻlishi kerak-ki, tabiiy oʻsib keladigan muxolifatga toʻsiq qoʻyilishi kerak emas.
"Men aminmanki, partiyalarni roʻyxatga olish jarayonini yengillashtirish masalasini koʻrib chiqish kerak. Bu mening shaxsiy fikrim", - deya tushuntirdi Safoyev va mustaqil nomzodlarga imkoniyat yaratilishi Oʻzbekistondagi plyuralizmga faqat ijobiy taʼsir koʻrsatishini qoʻshimcha qildi.
Комментарии (0)