Mirziyoyev yangi grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha topshiriqlar berdi

Mirziyoyev yangi grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha topshiriqlar berdi
Joriy yil 10 oktyabrdagi prezident farmoni asosida grantlarni koordinatsiya va monitoring qilish, donorlar bilan ishlash boʻyicha Investitsiya va tashqi savdo vazirligi vakolatli organ etib belgilandi, vazirlikda yangi departament tashkil etildi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 dekabr kuni grant mablagʻlarini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Yigʻilishda hozirgacha mavjud boʻlgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi. Masalan, hozirda respublika boʻyicha 667 million dollar grant hisobiga 160 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Lekin ushbu loyihalar holati, mablagʻlarni oʻzlashtirish samarasini baholash, maqsadli ishlatish ustidan nazorat mexanizmi yoʻq. Grantlar hisobiga ishga tushirilgan obʼyektlar va uskunalardan, loyihalar doirasida orttirilgan tajribadan samarali foydalanilmayapti. Ilm-fan, innovatsiya, ekologiya kabi sohalarga grantlar kam jalb etilayapti.

Shu bois grant mablagʻlarini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish boʻyicha navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Har bir ustuvor soha va tarmoq boʻyicha yangi grant mablagʻlarini jalb etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini baholash boʻyicha yangi tizim yaratish vazifasi qoʻyildi. 

Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi vakolatxonalar bilan birgalikda xalqaro donor tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi. 

“Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi 2020 yilda grantlar jalb etish boʻyicha “yoʻl xaritalari” ishlab chiqishi, bu mablagʻlar ustuvor maqsadlarga va aniq loyihalarga yoʻnaltirilishi zarurligi taʼkidlandi.  

Misol uchun, sogʻliqni saqlash tizimi boʻyicha onkologiya, bolalar xastaliklari va ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, laboratoriyalar tashkil etish kabi ustuvor yoʻnalishlarga Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti, JAYKA, KOIKA kabi donorlar mablagʻlarini jalb qilish mumkin”,- deyilgan xabarda.  

BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga ham grantlar kelishini koʻpaytirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.

Begʻaraz yordam hisobiga xorijiy mutaxassislar va volontyorlarni jalb etish koʻlamini kengaytirish, ular bilan doimiy muloqot olib borib, tajribasidan foydalanish muhimligi taʼkidlandi. 

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Комментарии (0)

Оставить комментарий