Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston prezidentiga taʼziya bildirdi

Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston prezidentiga taʼziya bildirdi
Shavkat Mirziyoyev Olma-ota shahrida roʻy bergan aviahalokat oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan Qozogʻiston prezidenti Kasim-Jomart Tokayevga taʼziya bildirdi.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olma-ota shahrida roʻy bergan aviahalokat oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan Qozogʻiston Respublikasi prezidenti Kasim-Jomart Tokayevga taʼziya maktubi yoʻlladi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.

Davlat  rahbari halok boʻlganlarning oila aʼzolariga chuqur hamdardlik bildirib, jarohat olganlarning barchasi tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi.

Bugun, 27 dekabr Bek Air aviakompaniyasining yoʻlovchi samolyoti Qozogʻistonning Olma-ota shahri aeroportidan havoga koʻtarilish vaqtida halokatga uchragan.

Fokker-100 samolyoti Z2100 reysi boʻyicha Olmaotadan Nur-Sultonga uchayotgan edi. Samolyot bortida 95 yoʻlovchi va ekipajning besh nafar aʼzosi boʻlgan.

Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligiga tayangan holda aviahalokat oqibatida halok boʻlganlar soni 12 nafarga yetganligi haqida maʼlumot bermoqda.

Qozogʻiston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev 2019 yil 28 dekabr kuni aviahalokat qurbonlarining xotirasi uchun milliy motam kuni deb, eʼlon qildi.

Комментарии (0)

Оставить комментарий