Sputnik uchun maxsus: Kamilov yil yakuni, Markaziy Osiyo va afgʻon muzokaralari toʻgʻrisida

Sputnik uchun maxsus: Kamilov yil yakuni, Markaziy Osiyo va afgʻon muzokaralari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov oʻtgan yilning eng muhim voqealari haqida gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, Toshkent va butun mintaqa diqqat markazida iqtisodiy va gumanitar sohalarda xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashga eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekiston TIV rahbari 2019 yilda roʻy bergan eng muhim tashqisiyosiy voqealarni sanab oʻtdi

Uning fikricha, bu voqealar u yoki bu maʼnoda Markaziy Osiyo mintaqasida stabillik va xavfsizlikni taʼminlash, shuningdek, iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlik masalalarini mustahkamlash bilan bogʻliq boʻldi.

"Eng birinchi navbatda, Toshkent shahrida oʻtkazilgan Markaziy Osiyo rahbarlari sammitini muhim voqea sifatida aytish mumkin. Unda birinchi bor bizning hamkorligimizning asosiy fundamental yoʻnalishlari shakllantirildi hamda toʻplanib qolgan murakkab va nozik muammolarni hal etish yoʻllari bayon qilindi", - deb qayd etdi Abdulaziz Kamilov.

2019 yilning ikkinchi muhim yakuni sifatida, vazir Afgʻonistonda tobora jonlanayotgan, dunyoning eng yetakchi mamlakatlari ishtirok etayotgan  muzokaralar jarayonini misol keltirdi.

"Saqlanib qolayotgan ziddiyatga qaramay, Oʻzbekiston qoʻshni qardosh Afgʻonistonga har tomonlama koʻmak koʻrsatishda davom etmoqda. Umid qilamizki, bizning urinishlarimiz izsiz kechmaydi. Tobora faollashayotgan muzokaralar jarayoni ham bundan dalolat bermoqda. Bu holat Afgʻoniston Islom Respublikasi markaziy hukumati va muxolifat oʻrtasida muzokaralar boshlanishiga umid beradi. Asosiysi, biz ushbu masalada mintaqaviy va global miqyosda kelishuvga kela oldik", - deb qayd etdi Oʻzbekiston TIV rahbari.

Abdulaziz Kamilov, shuningdek, Toshkentning dunyoning yetakchi mamlakatlari, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, AQSH va Yevropa mamlakatlari bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik, madaniy va gumanitar aloqalari faollashayotganini tilga oldi. U mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Yaponiyaga boʻlib oʻtgan tashrifini misol keltirdi.

"Dastur juda sermazmun edi. Tashrif yakuniga koʻra, keng qamrovli hamkorlik strategiyasi tayyorlandi, bunda birinchi navbatda iqtisodiy, moliyaviy va texnologik sohalar qamrab olindi. Yaponiya bilan birorta siyosiy kelishmovchiligimiz yoʻq, bu esa boshqa yoʻnalishlarda ham sermahsul hamkorlik qilishimizga imkon yaratadi", - deb qayd etdi diplomat.

Rasmiy Toshkentning nihoyalab borayotgan yildagi tashqi siyosiy aloqalariga toʻxtalar ekan, TIV rahbari, Oʻzbekistonning boy maʼnaviy va madaniy merosini hisobga olgan holda, musulmon davlatlariga ham eʼtibor qaratilganini aytdi.

Tashqi ishlar vaziri xalqaro moliyaviy institutlar - Butunjahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa tuzilmalar bilan oʻrnatilgan aloqalar ham yutuq sifatida eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, Kamilovning soʻzlariga koʻra, madaniy-gumanitar aloqalar mintaqada vaziyat barqarorligida muhim rol oʻynaydi. Oʻzbekiston esa deyarli barcha davlatlar bilan bunday aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga va rivojlantirishga harakat qilmoqda.

"Aksariyat mintaqalarda mojarolar va qarama-qarshiliklar, zoʻravonlik hukm surayotgan davrda aynan gumanitar aloqalar muhim ahamiyatga ega, odamlar, millatlar va dinlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlash kerak. Shu maʼnoda bizning respublikamiz katta tajriba va merosga ega, va bu tufayli barcha davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni oʻrnatish imkoniga egamiz", - xulosa qildi vazir.

Oʻzbekiston TIV rahbarining toʻliq izohini radiopodkastimizda rus tilida tinglashingiz mumkin.


Комментарии (0)

Оставить комментарий