Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi toʻgʻridan toʻgʻri prezidentga boʻysundirildi
Milliy gvardiyaga prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qoʻmondoni rahbarlik qiladi.
Bugun boʻlib oʻtgan Senat yalpi majlisda "Milliy gvardiya toʻgʻrisida"gi qonun koʻrib chiqildi va qabul qilindi, deb xabar bermoqda OʻzA.
Qonun Milliy gvardiyaning maqomi, vakolatlari, vazifalari va funktsiyalarini belgilash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunga koʻra Milliy gvardiya Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga ega boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organdir.
Belgilab qoʻyilishicha, Milliy gvardiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamkorlik qiladi. Davlat organlari va boshqa tashkilotlar esa Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashishi shart.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarish majburiyligi nazarda tutilmoqda.
Milliy gvardiyaning tarkibi mustahkamlanmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning tarkibiga markaziy devon, hududiy boshqarmalar, harbiy tuzilmalar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa boʻlinmalar va tashkilotlar kiradi.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya bevosita Oʻzbekiston prezidentiga boʻysunadi va unga hisobdordir, Milliy gvardiyaga Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qoʻmondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qoʻmondoni maqomiga koʻra vazirga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni oʻtash tartibi va shartlari, ularning huquqiy maqomi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, qonun bilan qonun normalari talablaridan kelib chiqib, Jinoyat-protsessual kodeksga va "Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida"gi qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, qonun qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi oʻz xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbus bilan va moneliksiz bajarashini taʼminlashga salmoqli hissa qoʻshish imkonini beradi.
Комментарии (0)